![]()
Agar Siz aksiyalarga yoki obligatsiyalarga sarmoya kiritmoqchi bo‘lsangiz, birja bozorining asosiy atamalarini bilishingiz zarur. Ushbu jihat bozorning ishlash mexanizmini yaxshiroq tushunishga va oqilona qarorlar qabul qilishga yordam beradi. Quyida fond bozoriga doir asosiy atamalar xususida so‘z yuritamiz.
1. Aksiya
Aksiya – kompaniyaning bir qismiga egalik qilish huquqini beradigan qimmatli qog‘oz. Aksiyani sotib olsangiz - Siz aksiyadorga aylanasiz, ya’ni kompaniyaning kichik bir qismiga egalik qilasiz. Aksiyalarning narxi oshishi yoki pasayishi mumkin. Agar kompaniya muvaffaqiyatli faoliyat yuritsa, aksiyadorlar undan foyda ko‘rishlari yoki dividendlar olishlari mumkin.
2. Dividendlar
Dividendlar - bu kompaniya o‘z foydasidan aksiyadorlarga taqsimlaydigan to‘lov hisoblanib, u aksiya egalari uchun o‘ziga xos mukofotdir. Kompaniyalar dividendlar to‘lashlari shart emas, lekin ko‘pchilik sarmoyadorlarni jalb qilish uchun dividend to‘lovlarini amalga oshiradi.
3. Fond birjasi
Fond birjasi - bu aksiyalar, obligatsiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlar sotiladigan platforma hisoblanadi. Fond birjasi - bozorga o‘xshaydi, lekin bu yerda tovarlar o‘rniga moliyaviy aktivlar sotib olinadi va sotiladi. O‘zbekistonda «Toshkent» Respublika fond birjasi ayni shu faoliyat bilan shug‘ullanadi.
4. Broker
Broker (rasmiy ravishda - investitsiya vositachisi) - birjada aksiyalarni sotib olish va sotishda aksiyadorlarga ko‘maklashadigan vositachi.
5. Kapitallashtirish
Kompaniyaning kapitallashuvi uning bozorda muomalada bo‘lgan barcha aksiyalarining umumiy qiymati hisoblanadi. Kapitallashtirishni hisoblash uchun chiqarilgan aksiyalar sonini ularning joriy bozor narxiga ko‘paytirish lozim. Kapitallashtirish kompaniyaning bozordagi qiymati va ahamiyatini tushunishga yordam beradi.
6. Buqalar va ayiqlar
Ushbu atamalar bozor muhitini tavsiflash uchun qo‘llaniladi:
7. IPO (Initial Public Offering)
IPO (ay pi o) — bu kompaniya o‘z aksiyalarini ilk bor fond birjasi savdosiga chiqarganida, aksiyalarni birlamchi ommaviy joylashtirish hisoblanadi. Bu kompaniya uchun muhim bosqichdir, chunki u keng ko‘lamdagi sarmoyadorlarning kapitallariga ega bo‘lish imkoniga ega bo‘ladi.
8. O‘zgaruvchanlik
O‘zgaruvchanlik - bu aktivlar narxining o‘zgarish darajasi. Yuqori o‘zgaruvchanlik aksiya yoki boshqa aktivning narxi qisqa vaqt ichida sezilarli darajada o‘zgarishi mumkinligini anglatadi. Yuqori o‘zgaruvchanlikka ega aksiyalar xatarliroq hisoblanadi, ammo ular yirik daromad keltirishi mumkin.
9. Tavakkalchilik va daromadlilik
Tavakkalchilik va daromadlilik sarmoya kiritishda o‘zaro bog‘liq tushunchalar hisoblanadi. Qanchalik ko‘p tavakkalchilikka qo‘l ursangiz, potensial daromadingiz shunchalik yuqori bo‘lishi mumkin. Masalan, aksiyalar obligatsiyalarga nisbatan yuqori tavakkalchilik darajasiga ega, biroq shu bilan birga yuqori daromad keltirishi mumkin.
10. Diversifikatsiya
Diversifikatsiya - bu tavakkalchilikni kamaytirish uchun sarmoyalarni turli aktivlar bo‘yicha taqsimlash strategiyasi hisoblanadi. Agar portfelingizdagi bitta aksiyaning qiymati tushib ketsa, boshqa aktivlar barqaror qolishi yoki o‘sishi mumkin, bu Sizni jiddiy yo‘qotishlardan asraydi.
Ushbu atamalar fond bozorini tushunish uchun asos hisoblanadi. Ularni bilish Sizga investitsiya dunyosini yaxshiroq tushunishga va ko‘proq asosli qarorlar qabul qilishga yordam beradi.