Shrift:

-A

+A

Rang:
Rasm:
Ovoz:
Qayta o‘rnatish: panelni yashirish:
Qayta o‘rnatish:
panelni yashirish:

Ру Uz
Ру Uz
Xalqchil IPOYangiliklarFond bozori nima va u qanday faoliyatni amalga oshiradi?
Fond bozori nima va u qanday faoliyatni amalga oshiradi?

Fond bozori - bu odamlar turli kompaniyalarning aksiyalarini sotib olishlari va sotishlari mumkin bo‘lgan joy. Sodda qilib aytganda, bu ayni bozorga o‘xshaydi, faqat bu yerda meva yoki kiyim-kechak o‘rniga biznesdagi ulushlar sotiladi.
 

Aksiyalar nima?

Aksiya - bu kompaniyadagi ulush hisoblanadi. Aksiyani sotib olgach, siz ushbu kompaniyaning kichik bir qismining egasiga aylanasiz. Qanchalik ko‘p aksiyalarni xarid qilsangiz, kompaniyaning shunchalik yirik qismi Sizga tegishli bo‘ladi.

Misol uchun, kompaniyani katta pirog deb tasavvur qiling. Aksiyani sotib olgan har bir shaxs ushbu pirogning kichik bir bo‘lagiga ega bo‘ladi. Agar kompaniya o‘sib, rivojlansa, ushbu "bo‘laklar"ning qiymati oshishi mumkin va siz ularni sotib olganingizdan ko‘ra qimmatroq narxga sotishingiz mumkin. Bu fond bozorida pul ishlash usullaridan biridir.

Fond bozori qanday faoliyat yuritadi?
Fond bozori talab va taklif tamoyili asosida faoliyat yuritadi. Odamlar sotib olmoqchi bo‘lgan kompaniya aksiyalari soni savdoga chiqarilgan aksiyalar sonidan ortsa, (ya’ni, talab taklifdan ustun mavqega ega bo‘lsa), aksiyalarning narxi oshadi. Aksincha bo‘lgan taqdirda esa (ya’ni, savdoga chiqarilgan aksiyalar soni odamlar sotib olmoqchi bo‘lgan aksiyalar sonidan oshib ketsa), aksiyalarning narxi tushadi.

Fond bozorida ishtirokchilarning ikkita asosiy turi mavjud:
1.  Xaridorlar - bu aksiyalarning o‘sishidan foyda yoki dividend (kompaniya daromadining aksiyadorlarga to‘laydigan qismini) olish uchun aksiyalarni sotib olishni xohlaydigan shaxslar.
2.  Sotuvchilar - pul mablag‘iga ega bo‘lish uchun o‘z aksiyalarini sotmoqchi bo‘lgan yoki aksiyaning narxi tushishi mumkin deb hisoblaydigan shaxslar.

Aksiyalar savdosi birjalar deb ataladigan maxsus maydonchalarda amalga oshiriladi. O‘zbekistonda “Toshkent” Respublika fond birjasi - aksiyalar savdosiga mo‘ljallangan uyushgan bozor hisoblanadi.

Kompaniyalar o‘z aksiyalarini nima uchun sotadilar?
Agar kompaniyaga rivojlanish (masalan, yangi zavodlar ochish yoki yangi mahsulot ishlab chiqarish) uchun pul mablag‘lari zarur bo‘lsa, u o‘z aksiyalarini fond bozori savdolariga chiqarishi mumkin. Ushbu harakat "birjaga chiqish" deb ataladi. Odamlar birja maydonchalarida ushbu aksiyalarni sotib olishadi, kompaniya esa o‘z loyihalari uchun sarmoyaga ega bo‘ladi.

Nima uchun aksiyalarni sotib olish kerak?
Odamlarning aksiyalarni sotib olishining bir necha sabablari mavjud:
1. Aksiyalar narxining ko‘tarilishidan foyda topish. Agar kompaniya barqaror rivojlanayotgan bo‘lsa,  vaqt o‘tishi bilan uning aksiyalari narxi o‘sishi mumkin. Ya’ni, Siz ularni sotib olganingizdan ko‘ra qimmatroq narxga sotishingiz va foyda olishingiz mumkin.
2. Dividendlar olish. Ba’zi kompaniyalar o‘z foydalarining bir qismini aksiyadorlariga to‘laydilar. Qanchalik ko‘p aksiyalarga ega bo‘lsangiz, shuncha ko‘p dividend olasiz.
3. O‘z jamg‘armasini saqlash va ko‘paytirish. Aksiyalar – pul mablag‘larini sarmoya sifatida kiritish va uni ko‘paytirish usullaridan biridir.
Fond bozorining tavakkalchiliklari

Shuni yodda tutish joizki, fond bozori har doim ham  daromad keltiravermaydi. Aksiyalar narxi o‘sish bilan birga, tushib ketishi ham mumkin. Misol uchun, kompaniya o‘z faoliyatida qiyinchiliklarga duch kelsa yoki mamlakat iqtisodiyotida tanazzulga yuz tutish holatlari sodir bo‘lsa, aksiyalarning qiymati tushib ketishi mumkin. Shu sababli ham fond bozorida har doim xavf mavjud bo‘ladi.

Qanday boshlash kerak?
Aksiyalarni sotib olish va sotishni boshlash uchun birinchi navbatda fond bozorida odamlarga savdo qilishda ko‘maklashadigan vositachi – broker huzurida hisobvaraq ochish lozim. O‘zbekistonda Sizga aksiyalarni tanlash va tegishli bitimlar tuzishda yordam berish xizmatlarini ko‘rsatadigan ko‘plab brokerlar (rasmiy ravishda: tegishli litsenziyaga ega investitsiya vositachilari) mavjud. 

Dastavval, o‘zingiz sarmoya kiritish niyatida bo‘lgan kompaniyalar haqidagi ma’lumotlarni o‘rganing. Odatda, kompaniya va uning istiqbol maqsadlari haqida qanchalik ko‘p bilsangiz, aksiyalarni sotib olish to‘g‘risida to‘g‘ri qaror qabul qilishingiz shunchalik oson bo‘ladi.
 


Fond bozori qiziqarli va daromad keltiradigan sarmoya vositasi hisoblanadi, ammo u bilan bog‘liq tavakkalchiliklar mavjudligini doimo yodda tutish kerak. Agar Siz ushbu masalaga puxtalik va mas’uliyat hissi bilan yondashsangiz, nafaqat pulingizni tejashingiz, balki uni ko‘paytirishingiz mumkin!