![]()
Aksiyalarning narxi ko‘tarilib yoki pasayib borayotganini eshitganimizda, ko‘pchilikda bir savol yuzaga keladi: Xo‘sh, buning sababi nimada? Fond bozorida aksiyalar o‘z qiymatini muntazam ravishda o‘zgartiradi va bunga ko‘plab omillar ta’sir qiladi. Keling, ushbu jarayon nima sababdan sodir bo‘layotganini va narxlarning o‘zgaruvchanligiga sabab nima ekanligi xususida so‘z yuritamiz.
1. Talab va taklif: aksiyalar harakatining asosi
Aksiyalar narxining ko‘tarilishi yoki tushishining eng oddiy sababi - talab va taklifga bog‘liqdir. Odamlar sotib olmoqchi bo‘lgan kompaniyaning aksiyalari soni savdoga chiqarilgan aksiyalar sonidan ortsa (ya’ni talab taklifdan ustun mavqega ega bo‘lsa), aksiyalarning narxi oshadi. Agar investorlar o‘z aksiyalarini sotmoqchi bo‘lsa va sotib oluvchilar soni kam bo‘lsa (kompaniyaning savdoga qo‘yilgan aksiyalari soni odamlar sotib olmoqchi bo‘lgan aksiyalar sonidan oshib ketsa), aksiyalarning narxi tushadi.
Tasavvur qiling, Siz bozorda noyob mahsulot sotayapsiz. Agar ko‘pchilik uni sotib olishni xohlasa, narxni oshirishingiz mumkin. Ammo buni xohlovchilar kam bo‘lsa, xaridorlarni topish uchun narxni pasaytirishga to‘g‘ri keladi. Ayni shu jihat aksiyalar bozorida ham kuzatiladi.
2. Kompaniyaning moliyaviy hisobotlari
Aksiyalar narxiga ta’sir qiluvchi eng muhim omillardan biri - bu kompaniya faoliyatining natijalaridir. Kompaniyalar davriy ravishda o‘z moliyaviy hisobotlarini e’lon qiladilar, ushbu hisobotlar muayyan bir davrda kompaniya qancha daromadni qo‘lga kiritganligini yoki yo‘qotganligini aks ettiradi.
3. Yangilik va hodisalar
Shuningdek, aksiyalar narxiga nafaqat kompaniyaning o‘zida, balki jahonda yuz berayotgan yangilik va hodisalar ham o‘z ta’sirni o‘tkazadi:
4. Sarmoyadorlarning taxminlari
Fond bozoridagi sarmoyadorlar ko‘pincha kompaniyaning kelajagi borasidagi o‘z taxminlariga tayangan holda, aksiyalarni sotib olishadi. Agar sarmoyadorlar kompaniyaning o‘sishiga va kelgusida daromad keltirishiga ishonch hosil qilishsa, aksiyalarni sotib oladilar, bu esa aksiyalar narxining oshishiga olib keladi.
Biroq umidlar tushkunlik hissiga yo‘g‘rilgan bo‘lsa (masalan, sarmoyadorlar kompaniya muvaffaqiyatsizliklarga duch kelishi muqarrar deb hisoblashsa), ular aksiyalarni sota boshlaydilar. Bu esa bozorda zo‘riqish hosil qiladi va narxlarning pasayishiga olib keladi.
5. Inflyatsiya
Inflyatsiya tovarlar va xizmatlar narxlarining oshishidir. Inflyatsiya ko‘tarilganda, pul mablag‘larining xarid qilish qobiliyati susayadi va bu kompaniyaning daromadlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Yuqori inflyatsiya sharoitida sarmoyadorlar kompaniyaning o‘sib borayotgan xarajatlarni boshqara olmasliklaridan qo‘rqib, o‘z aksiyalarini sota boshlashlari mumkin.
6. Spekulyatsiya va tez orttiriladigan daromad
Ba’zi sarmoyadorlar fond bozorida olibsotarlik bilan shug‘ullanadilar - ular narxlarning qisqa muddatli o‘zgaruvchanligidan daromad olishga intilgan holda, aksiyalarni sotib oladilar va sotadilar. Spekulyatsiya bozorga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, ayniqsa agar ko‘plab ishtirokchilar bir vaqtning o‘zida aksiyalarni sotib olish yoki sotishni boshlasa, ularning narxi keskin o‘zgarishi mumkin.
Xulosa
Aksiyalarning narxi har kuni turli sabablarga ko‘ra o‘zgarishi mumkin: talab va taklif, kompaniya haqidagi yangiliklar, iqtisodiy holatlar va sarmoyadorlarning taxminlari. Shuni anglash joizki, aksiyalar bozori tebranishlarga duch kelishi muqarrardir, ba’zi hollarda aksiyalar narxi hech qanday sababsiz ham pasayishi mumkin. Ammo uzoq muddatli sarmoyaga ega investorlar uchun vahimaga berilish emas, balki kompaniyaning fundamental ko‘rsatkichlari va iqtisodiyotning umumiy holatiga e’tibor berish muhimroqdir.
Ushbu maqolada aksiyalar narxining nima sababdan ko‘tarilishi yoki tushishi haqidagi ayrim fikr-mulohazalar keltirib o’tildi. Ushbu omillar haqida tushunchaga ega bo‘lish Sizga asosli investitsiya qarorlarini qabul qilishda yordam beradi, degan umiddamiz.