Aksiyalarning obligatsiyalardan farqi nimada

Qimmatli qog‘ozlarga sarmoya kiritish haqida so‘z ketganda, ko‘pincha aksiya va obligatsiyalar tilga olinadi. Xo‘sh, aksiya va obligatsiya nima, ularning bir-biridan farqi nimada? Keling, buni oddiy so‘zlar bilan tushuntiraylik.
Aksiyalar nima?
Aksiya - bu kompaniyadagi ulush hisoblanadi. Aksiyani sotib olgach, Siz aksiyadorga aylanasiz, ya’ni biznesning kichik bir qismiga egalik qilasiz. Boshqachasiga aytganda, Siz kompaniyaning kichik bir qismini sotib olgan hisoblanasiz. Agar kompaniya muvaffaqiyatli rivojlanayotgan bo‘lsa, uning aksiyalari qiymati oshishi mumkin va Siz ularni qimmat narxlarda sotishingiz mumkin. Bundan tashqari, ayrim kompaniyalar o‘z aksiyadorlariga kompaniya daromadining bir qismini - dividend ko‘rinishida to‘laydilar.
Obligatsiyalar nima?
Obligatsiya - bu qarzning bir turi hisoblanadi. Obligatsiyani sotib olayotganda, Siz ma’lum bir muddatga kompaniya yoki davlatga qarz berasiz. Buning evaziga ular ushbu pul mablag‘ini Sizga foizi bilan qaytarishga va’da berishadi. Boshqachasiga aytganda, obligatsiya - bu kompaniya yoki davlat Sizga ma’lum bir muddat davomida muayyan miqdordagi pul mablag‘ini va foizlarni to‘lash majburiyatini o‘z zimmasiga olgan shartnoma hisoblanadi.
Aksiyalar va obligatsiyalar o‘rtasidagi asosiy farqlar
1. Egalik qilish va huquqlar:
- o Aksiyalar: Aksiyalarni sotib olish orqali Siz kompaniyaning o‘z aksiyangiz miqdori darajasidagi egasiga aylanasiz. Aksiyadorlar yig‘ilishida ovoz berish huquqiga ega bo‘lasiz, (agar kompaniya aksiyalarining muhim ulushiga egalik qilsangiz) yig‘ilish qarorlariga ta’sir o‘tkazishingiz mumkin. Shuningdek, Siz kompaniya foydasining bir qismini dividendlar ko‘rinishida olishingiz mumkin.
- o Obligatsiyalar: Obligatsiyalarni sotib olish orqali siz qarz beruvchiga aylanasiz, ya’ni qarzga pul berasiz. Siz kompaniyada ovoz berish huquqiga ega bo‘lmaysiz va uni boshqarishda ishtirok etmaysiz. Kelishilgan holda to‘lanadigan foiz Sizning daromadingiz hisoblanadi.
2. Tavakkalchilik:
- o Aksiyalar: Aksiyalar xatarliroq instrument hisoblanadi. Chunki aksiyalar narxi kompaniyaning rivojlanish darajasidan kelib chiqqan holda, ko‘tarilishi yoki tushishi mumkin. Eng yomon holatda, ya’ni, agar kompaniya inqirozga yuz tutsa, Siz o‘z pulingizni yo‘qotishingiz mumkin.
- o Obligatsiyalar: Obligatsiyalar kamroq xatarga ega hisoblanadi, chunki kompaniya yoki davlat Sizga pulni foizi bilan qaytarishi shart. Faqat agar kompaniya o‘z majburiyatlarini bajara olmasa (masalan, inqirozga yuz tutsa), u holda kiritgan sarmoyangizni qaytarib olishingiz muammoga aylanadi.
3. Daromad:
- o Aksiyalar: Aksiyalardan olinadigan daromad kompaniyaning muvaffaqiyatli rivojlanishiga bog‘liq hisoblanadi. Siz aksiyalar narxining ko‘tarilishidan foydaga ega bo‘lishingiz yoki dividendlar olishingiz mumkin. Ammo daromadga ega bo‘lish kafolatlanmaydi, chunki hamma narsa bozor sharoitlariga bog‘liq bo‘ladi.
- o Obligatsiyalar: Obligatsiyalar bo‘yicha daromad oldindan ma’lum va belgilangan hisoblanadi. Kompaniya yoki davlat Sizga ma’lum vaqt oralig‘ida to‘lashi kerak bo‘lgan foizlar – ayni shu daromad hisoblanadi.
4. Muddatlar:
- o Aksiyalar: Aksiyalarni siz xohlagancha - bir necha kun, hattoki o‘nlab yillar davomida o‘zingizda saqlashingiz mumkin. Hammasi ularni qachon sotishga qaror qilishingizga bog‘liq.
- o Obligatsiyalar: Obligatsiyalar 1,5 yil yoki 10 yil kabi muayyan bir muddatga chiqariladi. Muddati tugagach, pulingizni foizlari bilan qaytarib olasiz.
5. Bankrotlikka doir tavakkalchiliklar:
- o Aksiyalar: Agar kompaniya bankrot bo‘lsa, aksiyadorlar barcha kreditorlardan keyin oxirgi navbatda o‘z pullarini oladilar. Bu shuni anglatadiki, bankrotlik natijasida, aksiyadorlar barcha sarmoyalarini yo‘qotishi mumkin.
- o Obligatsiyalar: Obligatsiya egalari (kreditorlar) birinchi navbatda o‘z pullarini oladilar. Bu ularga kompaniya bankrot bo‘lgan taqdirda o‘z sarmoyalarini qaytarib olish imkonini beradi.
Nimani tanlash kerak: aksiya yoki obligatsiya?
Aksiyalar va obligatsiyalar o‘rtasidagi tanlov Sizning maqsadlaringizga va Siz yo‘l qo‘yishingiz mumkin bo‘lgan tavakkalchilik darajasiga bog‘liq. Agar Siz ko‘proq daromad olishni istasangiz va tavakkal qilishga hozir bo‘lsangiz, aksiyalar sotib olganingiz afzalroq bo‘lishi mumkin. Agar Siz uchun barqarorlik va ishonchlilik muhimroq bo‘lsa, obligatsiyalar eng yaxshi tanlov hisoblanadi.
Ko‘pgina sarmoyadorlar tavakkalchilik va daromadlilik muvozanatini saqlash uchun aksiyalar va obligatsiyalarni birlashtiradilar. Ushbu holatda aksiyalar yuqori daromad olish imkonini beradi, obligatsiyalar esa barqaror foiz daromadini ta’minlaydi.